Bugun 28 dekabr, 2024 yil, shanba

КИР

1-sinflar uchun “Prezident sovg‘asi”ni tarqatish boshlandi

1-sinflar uchun “Prezident sovg‘asi”ni tarqatish boshlandi

6 avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan bepul o‘quv qurollarini hududlarga jo‘natishni boshladi. Bu haqda OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.

Press–tur ishtirokchilari dastlab Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi vazirlikka qarashli korxonada bo‘ldi

Ma’lum qilinishicha, bu yilgi sovg‘alar 12 nomdagi o‘quv qurollari — portfel, yozuv va rasm daftarlari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, ruchka, rangli qalam, oddiy qalam, plastilin, yelim va o‘chirg‘ich to‘plamidan iborat.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Erkin Murodovning aytishicha, sovg‘alar 719 366 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

“Hozirgacha 586 290 nafar (81,5 foiz) o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi. Maktablarga qabul jarayoni davom etmoqda. O‘quv qurollari respublikadagi barcha davlat va nodavlat maktablarga yetkaziladi. Bu yil mahsulotlar sifatiga alohida e’tibor berildi. Avvalgi yillarda o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida ranglarda tayyorlangan bo‘lsa, yangi o‘quv qurollari barcha o‘quvchilarga bir xil rangda beriladi”, dedi vazirlik mas’uli.

“Prezident sovg‘asi” davlat byudjeti hisobidan xarid qilingan. O‘quv qurollari 20 avgustgacha respublikadagi barcha maktablarga to‘liq yetkaziladi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025-o‘quv yilida mamlakatdagi jami 10 182 ta davlat maktablarida 525 ming nafar o‘qituvchi 6,5 million nafardan ortiq o‘quvchilarga ta’lim berishi kutilmoqda. Yangi o‘quv yilida respublikadagi 37 548 ta (6867 ta davlat, 835 ta nodavlat, 1462 ta DXSh va 28 384 ta oilaviy) bog‘chalarida 2,3 million nafardan ortiq 3–7 yoshli bolalar qamrab olinadi. Bu maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasining 74,6 foizini tashkil etadi.

Joriy yilda O‘zbekistonda davlat dasturi asosida 608 ta maktabda qurilish–ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, yil davomida 30 ta yangi maktab qurilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 518 ta maktab rekonstruksiya qilinishi, 60 ta maktab mukammal ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan. Natijada 180 mingdan ortiq yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilishi kerak.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, joriy yil yakunigacha respublikada bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 76 foizga yetkazish reja qilingan. Xususan, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 96 foizga yetkazish belgilangan.

Kiritildi: 22:43 06.08.2024. O'qildi: 1331 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!