Octotelecom kontent-provayderi 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar — Humo kartalari bo‘yicha operasiyalar va qoldiq to‘g‘risidagi axborot xabarlari narxi o‘zgarishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati 9 aprel kuni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 mayidan boshlab har bir kiruvchi SMS-xabar narxi ikki baravarga — 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshiriladi.
Kompaniyaga ko‘ra, narx o‘zgarishi texnik infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash xarajatlarining oshishi, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, xizmatning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash, shuningdek, energiya resurslari va lisenziya to‘lovlari narxining oshishi bilan bog‘liq.
Ushbu xizmatni o‘chirish uchun 13131 qisqa raqamiga “STOP” kod so‘zini SMS orqali yuborish kerak.
Bundan tashqari, kelgusi oydan boshlab Click to‘lov tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan “880 SMS-xabardornomasi” xizmati narxi ham 168,40 so‘m etib belgilanadi. Ushbu xizmat foydalanuvchilarga USSD-kodlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar holati hamda karta ulangan xizmatlar bo‘yicha xabarnomalarni olish imkonini beradi.
Humo to‘lov tizimi saytida bir martalik olti raqamdan iborat OTP-xavfsizlik kodlari SMS-xabarlar bilan 13131 qisqa raqami orqali yuborilishi ko‘rsatilgan.
Bir martalik kod faqat kartaga biriktirilgan mobil raqamda ijobiy balans mavjud bo‘lgandagina yuboriladi. SMS-xabar yuborish qiymati kontent-provayder tariflariga muvofiq belgilanadi. Bu xizmat esa Octotelecom tomonidan ko‘rsatiladi.