Bu haqda mamlakat parlamenti raisi o‘rinbosari Hoji Bobiy ma’lum qildi.
"Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tranzit uchun bojlardan olingan dastlabki mablag‘lar Eron Markaziy banki hisob raqamiga kelib tushdi", — dedi eronlik rasmiy.
22 mart kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan to‘lov undirishni boshlashini e’lon qilgandi. Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi a’zosi Alouddin Borujerdiy ushbu chora bo‘g‘ozdagi “yangi suveren rejim”ni ifodalashini ta’kidlagandi.
Financial Times nashrining yozishicha, Eron bo‘g‘ozdan o‘tayotgan tankerlarga egalik qiluvchi kompaniyalaridan mablag‘ yig‘ishda kriptovalyutadan foydalanmoqda. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, tranzaksiyalarni yashirish va sanksiyalar xavfini kamaytirish maqsadida to‘lovlar bitkoinda amalga oshirilishi talab qilinmoqda.
Eron neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlari eksportchilari ittifoqi vakili Hamid Husayniy Tehron tankerlardan har bir barrel neft uchun 1 dollardan haq olishini bildirgan.