Germaniyaning Berlin shahridagi “Sharite” klinikasi shifokorlari Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bilan kasallangan amerikalik shifokorni davoladilar, deb xabar beradi Deutsche Welle.
Klinika ma’lumotlariga ko‘ra, 17 kun davolangan bemor to‘liq sog‘ayib ketdi. U bilan birga karantinda bo‘lgan oila a’zolari ham yuqtirilmaganligi sababli uylariga jo‘natildi.
39 yoshli jarroh Peter Stafford Kongoda Serge xristian missionerlik tashkiloti tarkibida ishlagan. U operasiya paytida Ebola virusini yuqtirgan.
Shifokorlar bemorni davolash jarayonida hozirda sinovdan o‘tkazilayotgan eksperimental terapiyalardan foydalanganlar. “Sharite” klinikasi ma’lumotlariga ko‘ra, bemor 20 mayda kasalxonaga yotqizilganida, unda Ebolaning aniq belgilari bo‘lgan. Biroq, antiviral davolash va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya tufayli uning tanasidagi virus yuki sezilarli darajada kamaygan.
30 maydan beri shifokorning tanasida virus aniqlanmagan.
Bemorning rafiqasi, shifokor, shuningdek, ularning farzandlari yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan odamlar sifatida karantinga olingan. Biroq, test natijalari ularda virus yo‘qligini ko‘rsatdi va cheklovlar olib tashlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi oxirida Kongo Demokratik Respublikasi va qo‘shni Ugandada 900 dan ortiq Ebola yuqtirish holati qayd etilgan va 100 dan ortiq kishi vafot etgan.