Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 27 aprel kuni temir yo‘l bekatida yuk vagoni ustiga chiqqan ikki nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchisini kuchli tok urdi. Bu haqda “Millar” reportajida ma’lum qilindi.
Aniqlik kiritilishicha, hodisa Chirchiq temir yo‘l bekatining Nurhayot—Qodiriya temir yo‘l izida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2011 yil va 2014 yilda tug‘ilgan voyaga yetmaganlar temir yo‘l izida to‘xtab turgan yuk vagonlari ustiga chiqqan vaqtida yuqori kuchlanishli elektr toki ta’siriga tushgan.
Hodisadan so‘ng jabrlanuvchilar tez tibbiy yordam xizmati orqali Toshkent shahridagi 16-sonli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga olib borilgan va shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda ularning ahvoli o‘rta og‘ir ekani, zarur muolajalar olib borilayotgani aytildi.
Tibbiy xulosaga ko‘ra, jabrlanuvchilarga tana yuzasining 25–30 foizini tashkil etuvchi ikkinchi va uchinchi darajali kuyish jarohatlari tashxisi qo‘yilgan. Hozirda holat yuzasidan Toshkent mintaqasi temiryo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.