J.P.Morgan banki Saudiya Arabistoni va Filippinni rivojlanayotgan bozorlarning mahalliy valyutadagi davlat qarzi indeksiga (GBI-EM) kiritishini e’lon qildi.
2027 yilning 29 yanvaridan boshlab amalga oshiriladigan ushbu o‘zgarish doirasida Saudiya Arabistonining 69 milliard dollarlik suveren qiymatli qog‘ozlari va Filippinning 49 milliard dollarlik davlat qarz hujjatlari global investorlar tomonidan kuzatiladigan indeksdan joy oladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, indeksdagi mamlakatlar uchun maksimal ulush limiti 10 foizdan 9 foizga tushiriladi. Bu Xitoy, Hindiston va Indoneziya kabi yirik bozorlarning indeksdagi vazni biroz kamayishiga olib keladi. Saudiya Arabistonining yakuniy ulushi 2,52 foiz, Filippinniki esa 1,78 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu qaror mazkur ikki davlatning moliya bozorlariga milliardlab dollarlik xorijiy kapital oqib kelishi uchun yo‘l ochadi.