Bu haqda DW xabar bermoqda.
Nashrning xabar berishicha, mamlakat poytaxti Rigada Latviyaning Ayollarni himoya qilish bo‘yicha Istanbul konvensiyasidan chiqishiga qarshi besh ming kishilik namoyish o‘tkazilgan. Bu so‘nggi yillarda Latviyada bo‘lib o‘tgan eng yirik namoyishlardan biri bo‘ldi.
Latviya polisiyasiga ko‘ra, namoyishchilar Seym (mamlakat parlamenti) oldidagi maydonda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi shiorlar, shuningdek, deputatlarni populizm va “zo‘ravonlarni yashirishda” ayblash so‘zlari bitilgan bannerlar ko‘tarib chiqqan. Ba’zi namoyishchilar Latviya hukumatini “Rossiyaga taqlid qilishda” ayblashdi, chunki Moskva Yevropa Kengashi tomonidan 2011 yilda ishlab chiqilgan konvensiyani imzolamagan edi.
Ma’lumot uchun, Istanbul konvensiyasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni “inson huquqlarini buzish” deb baholaydi. Hujjatni Yevropaning 38 davlati, shuningdek, Gruziya ham imzolagan. Latviyadagi konvensiya muxoliflari uni “an’anaviy oilaviy qadriyatlarga zid” deb hisoblashadi. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, Latviya Yevropa Ittifoqining konvensiyadan chiqadigan birinchi davlatiga aylanadi. Latviya parlamenti qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Hal qiluvchi ikkinchi ovoz berish bugun, 30 oktyabrga belgilangan.