Mutaxassislar buni Turkiya bilan tinchlik jarayonini ilgari surishga qaratilgan tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.
"Biz barcha kuchlarimizni Turkiya hududidan olib chiqyapmiz", — deya ma’lum qildi “Kurdiston ishchilar partiyasi” (KIP) vakillari Qandil tog‘i etagida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Joriy yil may oyida “Kurdiston ishchilar partiyasi” (KIP) o‘zini tarqatib yuborish va qurolni tashlash qarorini e’lon qilgan edi. Bu bayonotga fevral oyida partiya yetakchisi Abdulloh O‘jalanning qamoqdan turib KIP va unga aloqador guruhlarni tarqatib yuborish, 40 yildan ortiq davom etgan qurolli kurashga barham berishga chaqirgan murojaati turtki bo‘lgan edi.
Maqsadlarini Turkiyadagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va kurd davlatini barpo etish deb e’lon qilgan “Kurdiston ishchilar partiyasi” 1974 yil noyabrda tashkil topgan. 1984 yildan beri Turkiya hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan edi.
Turkiyaga qarshi 40 yillik kurash davomida KIP Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, ular 40 mingdan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan.