Nashrning xabar berishicha, Tesla bosh direktori, milliarder Ilon Maskning “robotlar armiyasi”ni yaratish niyati bor va Tesla ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatishni talab qilmoqda.
"Agar ulkan robotlar armiyasini tashkil etsam, kelajakda meni qaysidir nuqtada chetlashtirishlari mumkinmi? Agar biz bu robotlar armiyasini yaratsak, men hech bo‘lmaganda unga kuchli ta’sir o‘tkaza olamanmi? Nazorat emas, kuchli ta’sir... Agar kuchli ta’sirga ega bo‘lmasam, bu robotlar armiyasini qurish men uchun noqulaylik tug‘diradi", – dedi u investorlar bilan suhbat chog‘ida.
Maskning ta’kidlashicha, Optimus nomli robotlar zavodlarda ishlashi yoki bolalarga g‘amxo‘rlik qilishi mumkin.
"Optimus ajoyib jarroh bo‘ladi, tasavvur qiling, agar har bir kishi shunday ajoyib jarrohdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lsa", – deya ta’kidladi Mask. Tadbirkorning fikricha, Tesla robotlari “qashshoqlik bo‘lmagan, har bir kishi eng yaxshi tibbiy yordamdan foydalana oladigan dunyoni” yaratadi.
Keyingi yilning fevral yoki mart oylariga borib ishlab chiqarishga tayyor bo‘lgan prototip yaratilishi, robotlarni ommaviy ishlab chiqarish esa 2026 yil oxirida boshlanishi ma’lum qilindi. Boshlanishiga 5 mingtagacha odamsimon robot yetkazib berilishi rejalashtirilgan.