Bugun “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasidan OAV vakillari uchun “2025-yilning o‘tgan 9 oyida qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilgan ishlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rahbariyati, mutaxassislar, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, dasturga ko‘ra uyushma boshqaruv raisi Ilyos Raximov sohada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida to‘liq ma’lumot berdi. Shu bilan birga boshqarma boshliqlari hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, sohada 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi 52 trln so‘mga, eksport 1,2 mlrd dollarga yetkaziladi hamda 2,4 mlrd dollarlik investisiyalar o‘zlashtiriladi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 4,4 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 41,5 trln so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarildi, 810,2 mln dollarlik eksport qilindi, sohada 1 mlrd 705 mln dollarlik investisiyalar o‘zlashtirildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 3,3 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.
2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida sohada mahsulotlar ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichi 40,1 trln so‘m va o‘sish sur’atini 115 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda ishlab chiqarish 41,7 trln so‘m va o‘sish sur’ati 113,5 foizni tashkil etdi. Jumladan, 17,9 mln tonna sement, 30,5 mln kv.m qurilish oynasi, 37,8 mln kv.m keramik plitka, 85 mln kv.m gipsokarton listlari, 292 ming tonna quruq qurilish aralashmalari, 695,7 ming dona sanitar-texnika buyumlari kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.
Yangi amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari doirasida jami 1 mlrd 705 mln dollar investisiya o‘zlashtirildi, shu jumladan 1065 mln dollarlik 230 ta loyiha ishga tushirildi va 8 712 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Davlat investisiya dasturiga asosan uyushmaga biriktirilgan loyihalar doirasida 168,6 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar o‘zlashtirildi.
Davlat investisiya dasturiga asosan 2025-yilda 195,7 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar o‘zlashtirilishi ta’minlanadi.
Sohada joriy yil yanvar–sentyabr oylarida 810,2 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va belgilangan reja 101 foizga bajarildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 126 foizga oshirib bajarildi.
Joriy yil yanvar–sentyabr oylarida alyuminiydan qurilish materiallari, keramika mahsulotlari, toshdan yasalgan buyumlar, oyna va undan yasalgan buyumlar, sement va bog‘lovchi materiallar, DSP, MDF va boshqa plitalar, sement, PVX va plastmassa buyumlar kabi mahsulotlar eksporti hajmi oshishi natijasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 167 mln dollarga ko‘p eksport amalga oshirildi.
Sohada eksport hajmlarini oshirish maqsadida Ozarbayjonning Boku, Tojikistonning Dushanbe, Pokistonning Lahor, Afg‘onistonning Qobul va Mozori Sharif, Qozog‘istonning Aktau, Qirg‘izistonning Jalolobod shaharlarida O‘zbekiston savdo uyi, shourum, savdo omborlari tashkil etildi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 50 turdan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari joylashtirildi.
Shuningdek, mahalliy korxonalarning “Innoprom Central Asia-2025” (28–30 aprel, Toshkent), “Rossiya–Islom dunyosi Kazan Forum 2025” (13–18 may, Qozon), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (5–7 iyun, Tbilisi), “Turkiy davlatlar xalqaro ko‘rgazmasi” (10–12 iyun, Boku), “Made in Uzbekistan” mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi (20–24 iyun, Ulan-Bator), “Los Angeles Build Expo” (27–28 avgust, Los-Anjeles), “Bud Yexro 2025” (17–19 sentyabr, Belarus), “Brno Expo 2025” (7–10 oktyabr, Brno), “Boku Build 2025” (14–16 oktyabr, Boku) kabi biznes forum va ko‘rgazmalarda ishtiroki ta’minlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan anjuman davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldilar.