Bugun 26 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz — 14 foiz darajasida qoldirdi

 Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz — 14 foiz darajasida qoldirdi

Joriy yilning uchinchi choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etdi. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’minlanishi, o‘tgan yildagi inflyasiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi ta’siri sentyabr oyida yillik inflyasiyaning sekinlashishiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bog‘liq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyasiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2025 yil sentyabr oyida umumiy inflyasiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizga teng bo‘ldi. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyasiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shdi. Xizmatlar inflyasiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflyasiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Qat’iy pul-kredit sharoitlari hisobiga talab omillarining biroz maqbullashishi hamda almashuv kursi mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflyasiya pasayuvchi dinamikaga o‘tdi va sentyabrda yillik 7 foizgacha sekinlashdi. Jumladan, so‘mning mustahkamlanishi import inflyasiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining ma’lum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.

So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlari o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflyasiya sur’atlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuniga inflyasiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi va 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investision faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YAIM real o‘sishi 7-7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda va iste’mol talabini oshirmoqda. Bu, o‘z navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyasion bosimlarni saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflyasiyaga ikkilamchi ta’sirlari namoyon bo‘lishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelishi ehtimollari saqlanib qolmoqda.

Ushbu sharoitda inflyasiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom etishini ta’minlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyasiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytiradi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 11 dekabr kuniga belgilangan.

Kiritildi: 11:15 24.10.2025. O'qildi: 433 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!