"Afg‘onistonda hokimiyat tepasida bo‘lgan “Tolibon” va Pokiston hukumati vakillari Qatar va Turkiya vositachiligida Dohada o‘tgan muzokaralarda darhol o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi", deya xabar bermoqda telekanal Qatar tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, tomonlar “barqaror tinchlikni mustahkamlash mexanizmlarini yaratish ustida ishlash”ga qaror qilishgan. Shuningdek, yaqin kunlarda Afg‘oniston va Pokiston vakillarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Mamlakatlar o‘rtasidagi keskinlik Islomobod Kobuldan Afg‘oniston “Toliboni” bilan aloqador “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” (Pokistonlik toliblar) radikal qurolli guruhiga qarshi chora ko‘rishni talab qilganidan so‘ng kuchaydi. So‘nggi kunlarda ikki davlat chegarasida to‘qnashuvlar faollashdi, Pokiston aviasiyasi Kobuldagi nishonlarga zarbalar berdi. To‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab insonlar qurbon bo‘ldi.