Bugun 19 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekiston turizmining tarixiy rekordni yangilashi Prezident islohotlari samarasidir — Aziz Abduhakimov

O‘zbekiston turizmining tarixiy rekordni yangilashi Prezident islohotlari samarasidir — Aziz Abduhakimov

O‘zbekiston tarixida 2025 yilda sayyohlar oqimi bo‘yicha rekord natija qayd etildi, ya’ni joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mamlakatga 8,6 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurdi. Aprel oyidan beri esa xorijiy sayyohlarning har oylik ko‘rsatkichi barqaror ravishda 1 mln nafardan oshmoqda. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, ushbu tarixiy natija shubhasiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan oqilona siyosatlari mevasidir.

O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarda yuqori saviyada ishtirok etmoqda, 20 ga yaqin davlatda road-shou va taqdimotlar tashkil qilinmoqda. Samarqandda “UN-Tourism” ofisi ochildi, Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, turizm soqasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlariga doimiy ravishda subsidiya ajratilayotgani ta’kidlanmoqda. Bu islohotlarning samarasi o‘laroq, turistlar soni oshishi bilan birga ularning O‘zbekistonda qolish muddati ham uzaygani quvonarli holat.

Qolaversa, ilgari yurtimizga aksariyat yoshi ulug‘ sayyohlar kelgan bo‘lsa, endilikda bu boradagi ko‘rsatkich yosharib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Shu o‘rnda uzoq xorij — Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerikadan kelayotgan turistlar oqimining sezilarli darajada o‘sganini alohida ta’kidlash lozim. Bu jahon sayyohlik xaritasida O‘zbekistonning kundan-kunga tanilib borayotganini va eng sayyoxatbop yo‘nalishlardan biriga aylanib borayotganligini ko‘rsatadi.

Turistlarning ko‘payishi, tabiiyki, sohadan tushayotgan daromadning oshishiga olib keladi. Bu esa o‘z o‘rnida milliy iqtisodiyotning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Ilgari turistlar faqatgina muayyan davrda kelishi kuzatilgan bo‘lsa, bugunga kelib, sohaga oid islohotlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida turizm mavsumi tushunchasi yo‘qolib bormoqda, ya’ni yil davomida turistlar soni barqaror saqlanib qolmoqda.

Viza rejimini soddalashtirish hamda raqamlashtirish xizmatlarini takomillashtirish borasidagi islohotlar tufayli O‘zbekiston dunyoning eng mehmondo‘st mamlakatlaridan biri sifatida e’tirof etila boshlandi. 90 dan ortiq davlatga vizasiz rejim va elektron vizaning joriy etilishi, mamlakatga kirish-chiqish talablarining yengillashuvi, zamonaviy mehmonxona va transport infratuzilmasining rivojlanishi sayyohlar sonining ishonchli o‘sishi uchun asos yaratdi. Bu o‘z-o‘zidan qo‘shimcha ish o‘rinlarini talab qilgani bois mahalliy aholining daromadli ish bilan ta’minlanish darajasi oshib borayotganini alohida e’tirof etish joiz. Prezidentimizning pirovard maqsadi ham shu aslida, ya’ni mahalliy aholi uchun yangi ish joylarini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash va bu orqali xalqimizning turmush farovonligini oshirish.

Turizm qo‘mitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tarkibida faoliyat yuritishi barqaror va ekologik mas’uliyatli turizmni rivojlantirish tamoyillarini joriy qilish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bunday yondashuv turizmni rivojlantirishda mamlakatning tabiiy va madaniy boyliklarini asrashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytiradi. Zero barqaror tabiatsiz hech bir sohani, jumladan, turizmni ham rivojlantirib bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi muammolar har qanday sohani rivojlantirishda bu omillarni inobatga olish zarurligini va O‘zbekistonda bu borada to‘g‘ri yo‘l tanlanganini ko‘rsatmoqda.

Ekologiya vazirligi Davlat rahbari tomonidan turistik xizmatlar sifatini oshirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarini sidqidildan amalga oshirishda hamda turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishda davom etadi.

Kiritildi: 15:53 16.10.2025. O'qildi: 559 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!