HuffPost internet-nashri jurnalisti AQSh va Rossiya prezidentlarining navbatdagi uchrashuv joyi sifatida Budapesht tanlangani yuzasidan Donald Tramp ma’muriyatidan izoh so‘radi. Bir necha daqiqadan so‘ng Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levit unga "Buni onangiz qilgan", deya javob berdi.
Shuningdek, muxbir Oq uyning kommunikasiyalar direktori Stiven Chungdan ham mazkur savoliga "Onangiz" degan javob olgan.
HuffPost muxbiri Levittdan "Bu javobni hazil deb hisoblaysizmi?", deb so‘raganda, u shunday yozdi:
"Menga kulgili tuyulgani siz o‘zingizni nashr deb hisoblayotganingiz. Siz haddan tashqari so‘l qarashli yozuvchisiz, sizni hech kim jiddiy qabul qilmaydi, hatto matbuotdagi hamkasblaringiz ham, faqat buni yuzingizga aytishmaydi. Menga soxta va bema’ni savollaringizni yuborishni bas qiling".
Tramp va uning tarafdorlari anchadan beri HuffPost bilan ziddiyatda va mazkur nashrni tanqid qilib keladi. 2025 yilda Oq uy ushbu HuffPost'ni prezident faoliyatini yorituvchi jurnalistlar ro‘yxatidan chiqarib tashlagan.