Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Markaziy bankka tijorat banklarining kredit kartalari bo‘yicha amaliyotlarini o‘rganish haqida so‘rov yubordi.
So‘nggi vaqtlarda ayrim banklar kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, ta’lim, tibbiyot, sug‘urta yoki soliq to‘lovlarini amalga oshirishni naqd pul yechishga tenglashtirib, foiz yoki komissiya undirmoqda. Bu holat aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu amaliyotlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning bir nechta moddalariga zid bo‘lishi mumkin.
Shu sababli Qo‘mita Markaziy bankdan:
➖ banklar faoliyatini qayta ko‘rib chiqishni;
➖ iste’molchilar manfaatlarini hisobga olgan holda foiz siyosati va komissiyalarni muvofiqlashtirishni;
➖ asossiz undirilgan pullarni qaytarish choralarini ko‘rishni so‘ragan.
Qo‘mita bu ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni keyinroq e’lon qilishini ma’lum qildi.