2025 yil 7 oktyabr kuni Namangan viloyatining Chust tumanida jinoiy voqea sodir bo‘ldi — Axcha qishlog‘ida yashovchi erkak o‘z turmush o‘rtog‘ini vahshiylarcha o‘ldirdi. Voqea oqibatida 5 va 6 yoshli ikki bola onasiz qoldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni soat 10:00 da sud qarori asosida Majburiy ijro byurosi hamda tegishli beshta tashkilot vakillari ayol — B.M.ni bolalari bilan uyga kiritish jarayonini amalga oshirgan. Tashrifdan so‘ng ular uydan chiqib ketgan.
Biroq tashkilotchilar ketganidan keyin uyda faqat ayol va uning turmush o‘rtog‘i — R. qolgan. Aynan shu paytda oilaviy janjal kelib chiqqan. Erkak farzandlari ko‘z o‘ngida ayolini avval do‘pposlab, keyin esa bo‘g‘ib qo‘ygan. U sodir etgan ishlaridan so‘ng tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Ta’kidlanishicha, 2 oktyabr kuni ham ayolni uyga kiritish belgilangan edi. Biroq o‘sha paytda uy egalari hozir bo‘lmagani sababli uy eshiklari qulflangan va ish amalga oshirilmagan. Shunga qaramay, marhumada kalit bo‘lgani uchun u uyga kirgan, ammo tashkilotchilar uning yolg‘izligini inobatga olib kiritishni keyinga qoldirishni taklif qilgan. Ayol esa “yashashga joyim yo‘q” deb, uyga kirishdan bosh tortmagan.
Avvalroq, ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan tan jarohatlari olgani haqida 102 raqamiga murojaat qilgani ham xabar qilingan.