Bugun 11 oktyabr, 2025 yil, shanba

КИР

ETTB delegasiyasi sobiq uran konlari rekultivasiyasiga oid ishlar natijasi bilan tanishdi

ETTB delegasiyasi sobiq uran konlari rekultivasiyasiga oid ishlar natijasi bilan tanishdi

Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Yadro xavfsizligi departamenti direktori o‘rinbosari, Ekologik reabilitasiya jamg‘armasi rahbari Ester Xarlander Toshkent viloyati Yangiobod shahriga tashrif buyurdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhaqimov hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyor iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov hamrohlik qildi.

Delegasiya o‘tgan yillar mobaynida YETTB ko‘magida amalga oshirilgan sobiq uran konlarini rekultivasiya qilish loyihasi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishdi.

Yangiobod hududini rekultivasiya qilish ishlari 2023 yilda boshlangan va joriy yilning avgust oyida yakunlangan. Ishlar boshlanishidan oldin mahalliy aholi va soha mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgan edi.

Rekultivasiya loyihasini boshqarish guruhi rahbari Vadim Korolyovning ta’kidlashicha, loyiha doirasida geodezik o‘lchovlar o‘tkazilgan, kirish yo‘llari qurilgan, eski inshootlar demontaj qilingan, ifloslangan chiqindilarni zararsizlantirish uchun poligon yaratilgan, shaxta suvlarini drenaj va infiltrasiya tizimlari bilan ta’minlash ishlari bajarilgan, sohilbo‘yi chiziqlari mustahkamlangan va sularni chiqarish uchun quvurlar yotqizilgan. Shu bilan birga, mehnat muhofazasi, texnika va radiasiya xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda yangiobodliklarning takliflarini inobatga olishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhaqimov rekultivasiya ishlari yakunlangach, hududni obodonlashtirish, butalar ekish orqali ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, piyodalar yo‘laklarini barpo etish, atrofdagi maydonlarni tozalash va obodonlashtirish, shuningdek, ekologik qoidabuzarliklarni aniqlash va jarayonlarning ochiqligini ta’minlash uchun onlayn videokameralar o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Ushbu chora-tadbirlar rekultivasiya natijalarini saqlab qolish bilan birga, Yangiobod hududini xavfsiz, obod qilish barobarida mahalliy aholi hamda sayyohlar uchun jozibador maskanga aylantirishga xizmat qiladi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov esa ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning doimiy nazorati yo‘lga qo‘yilishi, radiasiya darajasi kam bo‘lgan hududlar tabiatga qaytarilishi hamda hozirda ushbu hududlarda jamoatchilik va yoshlar ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilayotganligini aytib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, ekologik reabilitasiya loyihasi YetTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi 9 million yevro miqdoridagi grant kelishuvi asosida amalga oshirilgan. Mablag‘lar Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar-2 (Namangan viloyati)dagi ob’ektlarni rekultivasiya qilishga yo‘naltirilgan. Avvalroq, 2024 yil avgust oyida Chorkesar-2 hududidagi ishlar to‘liq yakunlangan bo‘lib, u yerda uran rudasi qazib olish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha to‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Qayd etish lozimki, sobiq uran konlarini rekultivasiya qilish ishlari nurlanishni bartaraf etish, xavfsiz ekologik muhit yaratish va aholining sog‘ligini yaxshilashga qaratilgan.

Kiritildi: 15:18 08.10.2025. O'qildi: 545 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!