Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan telefon suhbati chog‘ida 22 sentyabr kuni Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda Makron ijtimoiy tarmoqda yozib, Nyu-Yorkda rasmiy e’lon qilinishini qayd etdi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qadam tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, G‘azo va Falastin hududlaridagi og‘ir vaziyatdan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda.
“Prezident Abbos Falastin ma’muriyatini yangilash va kelajakdagi davlat barqarorligini ta’minlash uchun zarur islohotlarni amalga oshirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi”, — dedi Makron.
Fransiya rahbari shuningdek, Parij Falastin ma’muriyatini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlashda o‘z majburiyatlarini davom ettirishini ta’kidladi.