AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik kuchlar tomonidan bortida uch kishi bo‘lgan narkotik moddalar kontrabandasi kemasi xalqaro suvlarda yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social sahifasida e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, Pentagon Trampning buyrug‘i bilan "AQSh janubiy qo‘mondonligining mas’uliyat zonasida (Markaziy va Janubiy Amerika, Karib dengizi mintaqasi) giyohvand moddalar savdosi uchun foydalanilgan terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan kemaga zarba bergan.
"Razvedka ma’lumotlari kema narkotik moddalarni noqonuniy olib o‘tayotganini va amerikaliklarni zaharlash uchun ma’lum giyohvand moddalar savdosi yo‘lidan yurganini tasdiqladi. Zarba natijasida xalqaro suvlarda bo‘lgan kema bortida bo‘lgan uch erkak narkoterrorchi halok bo‘ldi”, - deya qo‘shimcha qildi Amerika rahbari.
U kemaning yo‘q qilingani aks etgan videoni e’lon qildi. Tramp zarbadan amerikalik harbiy xizmatchilar jabrlanmaganiga ishontirdi.