AQSh ma’muriyati G7 davlatlari vakillariga Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga boj joriy etishi kerakligini aytdi.
Bu haqda AQSh moliya vazirligi va AQShning savdo muzokaralaridagi vakili idorasi tomonidan chop etilgan qo‘shma bayonotda aytilgan.
Bayonotda ta’kidlanganidek, "Katta yettilik" davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya) vakillari bilan avvalgi maslahatlashuvlarda AQSh Moliya vazirligi rahbari Skott Bessent "AQSh prezidenti Donald Trampning chaqirig‘ini yana bir bor ta’kidladi". Vazirning so‘zlariga ko‘ra, G7 davlatlari, agar ular Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatishga chinakam sodiq bo‘lsalar, Rossiyadan neft sotib oluvchi davlatlarga bojlar joriy etishda AQShga qo‘shilishi kerak.
Bessent va AQShning savdo muzokaralaridagi vakili Jeymison Grir "sanksiyalar bosimini oshirish va Ukrainaning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash uchun immobilizasiya qilingan Rossiya aktivlaridan foydalanishni ko‘rib chiqish majburiyatini olqishladi". Bessent va Grir, shuningdek, G‘arb davlatlari Rossiyaning daromadlarini kamaytirish va yetarlicha iqtisodiy bosim o‘tkazish uchun birgalikda harakat qilishlari kerakligini ta’kidladi. "Katta yettilik"dagi hamkasblarimizning urushni to‘xtatishga sodiq ekanliklari haqidagi va’dalari bizni ruhlantirdi va umid qilamizki, ular bu muhim vaqtda biz bilan birga qat’iy choralar ko‘rishadi", — deya Bessent va Grirning qo‘shma bayonotidan iqtibos keltiradi AQSh Moliya vazirligi.