Kecha, 12 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida Isroil – Falastin ziddiyatini ikki davlat tamoyili asosida hal etish ko‘zda tutilgan deklarasiya ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.
Mohiyat e’tiboriga ko‘ra Falastin davlat tuzilishini yoqlovchi mazkur hujjatni 142 davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi.
Isroil, AQSH, Vengriya, Argentina, Paragvay kabi 10 davlat Falastin davlatchiligiga qarshi ovoz berdi.
Albaniya, Chexiya, Kamerun, Efiopiya, Moldova singari davlatlar ovoz bermaslikni ma’qul ko‘rdi.
Fransiya va Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan muhokamaga qo‘yilgan hujjatda Falastin hududlarida Isroil okkupasiyasiga chek qo‘yish va Falastin davlatini tuzish talabi ilgari surilgan.
Deklarasiyada HAMAS harakati qurol-aslahani tashlashi va G‘azo sektori boshqaruvidan voz kechishi lozimligi qayd etilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish va ziddiyatni ikki davlat tamoyili asosida adolatli hal etish kerak.
Ushbu ovoz berish tadbiri BMT Bosh assambleyasining 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu kuni Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Belgiya, Avstraliya kabi mamlakatlar Falastin davlatini tan olishi kutilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil ma’muriyati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.
Isroil moliya vaziri Besalel Smotrich joriy yil avgust oyida Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi – G‘arbiy Sohilda yahudiylar uchun 3400 dan ziyod uy barpo etish rejasini ma’qullar ekan, bu bilan Falastin davlatining “janozasi o‘qilishi”ni iddao qilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 11 sentyabr kuni Falastin davlati tuzilmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solishini aytgan.
AQSh 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etayotgan va o‘n minglab falastinlik o‘limiga sabab bo‘lgan urushda Isroilni hech qanday shartlarsiz moddiy, harbiy va diplomatik tarzda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Vashington Falastin davlati tuzilishiga ham izchil ravishda qarshi chiqmoqda. O‘tgan yil 18 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasini ham birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda yo‘qqa chiqargandi.
AQSh davlat departamenti yaqinda BMT Bosh assambleyasi tadbirlarida qatnashishi belgilangan Falastin vakillarining vizasini ham bekor qildi. Bu Falastin prezidenti Mahmud Abbos boshliq 80 ga rasmiylarning Falastin davlati ko‘plab mamlakatlar tomonidan tan olinishi kutilayotgan tadbirlarda qatnashish imkonidan mahrum etilganidan dalolat beradi.