Ijtimoiy tarmoqlarda Oltiariq tumanidagi davlat bog‘chasida bolalar ovqatdan zaharlangani haqida tarqalgan xabar rasmiylar tomonidan rad etildi. Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida ma’lumot asossiz ekani aniqlandi.
Rasmiy izohda aytilishicha, 22 avgust kuni ikki nafar, 23 avgust kuni esa to‘rt nafar bola ich buzilishi tashxisi bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Lekin ulardan birortasiga ham zaharlanish tashxisi qo‘yilmagan. Hozirda barcha bolalar sog‘lom holda oilasiga qaytarilgan.
Aniqlanishicha, mazkur yolg‘on xabarni bemor bolalardan birining qarindoshi, mahalliy patronaj hamshira o‘zining mahalla Telegram kanali orqali tarqatgan. U ota-onalarga farzandlarida salomatlik muammolari kuzatilsa shifokorga murojaat qilishni maslahat bergan, bu esa ota-onalar o‘rtasida xavotir uyg‘otgan.
Ma’lumot uchun, Oltiariqdagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ayrim qismlarida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu sabab bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, ta’mir ishlari sentyabr oyida yakunlanishi kutilmoqda.