Bugun, 1 sentyabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining tantanali “Vatanga qasamyod” tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mazkur oliy harbiy ta’ʼlim muassasasiga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi.
Tantanali tadbirlarda mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanni qo‘riqlash kabi sharafli kasbni egallash yo‘lidagi ilk qadamlari bilan qutladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar institutida ham kursantlar Vatanga qasamyod keltirish uchun saf tortdi.
Shu bilan birga, Harbiy aviasiya instituti, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Harbiy tibbiyot institutida ham “Vatanga qasamyod” tantanalari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Institutlarda o‘tkazilgan marosimlarda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan, barchaning o‘qish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentine bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtning yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda qasam ichdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti