25 avgust, dushanba kuni Isroil havo kuchlari Janubiy G‘azoda joylashgan Nasser shifoxonasiga ikki yirik hujumni amalga oshirdi. Xabarlarga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, ular orasida to‘rt nafar jurnalist bor.
Xususan, halok bo‘lganlar orasida Reuters muxbiri Xussam al-Masri va Associated Press uchun frilans jurnalist Mariam Abu Dagga bo‘lgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Al Jazeera muxbiri Moxammed Salama va NBC’ga tegishli jurnalist Moaz Abu Taxa ham hujum qurboni bo‘ldi. Reuters fototelegrafchisi Xatem Xaled esa ikkinchi zarba vaqtida jarohatlangan.
Video lavhalarda ko‘rinishicha, ikkinchi hujum birinchi zarba joyiga chiqqan jurnalistlar va qutqaruvchilar guruhiga yo‘naltirildi. Bu «double-tap» (iki karra hujum) taktikasi sifatida baholanmoqda.
Sog‘liqni saqlash tashkilotlari va jurnalistlar ittifoqlari ushbu hodisani jiddiy tanqid ostiga olishmoqda. Falastin jurnalistlar uyushmasi Isroilning bunday huquqbuzarliklarini «erkin mediaga qarshi ochiq urush» deb atadi.
Ma’lumot uchun, «ikki karra hujum» taktikasi — harbiy va terrorchilik amaliyotlarida ishlatiladigan usul bshlib, xalqaro huquq nuqtai nazaridan, bu taktika jinoyat hisoblanadi. Chunki u qasddan tinch aholi va qutqaruvchilarni nishonga oladi. Shuning uchun ko‘pincha «double-tap strikes» inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilinadi.