Isroil havo kuchlari Yamandagi husiylar ob’ektlariga keng ko‘lamli hujum amalga oshirdi. SAXAL ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat poytaxti Sanada prezident saroyi yaqinidagi harbiy ob’ekt, shuningdek, husiylarni ta’minot bilan ta’minlashda foydalanilgan elektr stansiyasi va yoqilg‘i ombori nishonga olindi.
Isroil armiyasi bu zarbalar husiylar tomonidan yaqinda amalga oshirilgan raketa hujumlariga javob ekanini bildirdi. 22 avgust kuni, SAXAL ma’lumotiga ko‘ra, yamanlik husiylar birinchi marta klaster (kassetali) o‘q-dorilarni qo‘lladi, ammo Isroil havo mudofaasi bu raketalarni yo‘ldayoq to‘xtatgan.
Isroil OAV yozishicha, operasiyada 10 dan ortiq isroillik jangchi samolyot qatnashgan va ular havoda yoqilg‘i quyish orqali uzoq masofaga parvoz qilgan. Husiylar nazoratidagi «Al-Masira» telekanali elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga zarbalar bo‘lganini tasdiqladi. «Al-Jazira» esa olti kishi halok bo‘lgani va 86 kishi yaralangani haqida xabar berdi, ammo bu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlashning iloji yo‘q.
2023 yil kuzida G‘azo sektorida urush boshlanganidan beri husiylar Isroilga raketa va dronlar bilan muntazam hujum qilib kelmoqda, ular o‘z harakatlarini HAMASga qo‘llab-quvvatlash sifatida baholamoqda. Javob tariqasida Isroil Yamandagi husiylarning harbiy infratuzilmasiga tegishli ob’ektlarga zarbalar bermoqda.