Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ommaviy qurbonlar bo‘lgan taqdirda jasadlarni saqlash uchun uskunalar sotib olish uchun 7,5 million funt sterlinglik shartnoma imzoladi.
Bu haqda Norvegiyaning Steigan nashri sharhlovchisi Jim Fergyuson xabar berdi. Gap 700 tagacha jasadni sig‘dira oladigan chodirlar, ko‘chma o‘likxonalar va sovuq xonalarni yetkazib berish haqida bormoqda.
"Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ommaviy o‘lim uchun chodirlar, mobil o‘likxonalar va 700 tagacha jasadni sig‘dira oladigan sovuq xonalarni o‘rnatish bo‘yicha shartnomalarni tinchgina imzoladi", deyiladi maqolada.
Shartnomaga ko‘ra, tizim inqiroz boshlanganidan keyin bir necha kun ichida joylashtirilishi kerak. Sharh muallifiga ko‘ra, rasmiylar ko‘p sonli qurbonlar bo‘ladigan tadbirlarga hozirlik ko‘rmoqda, biroq bunday tayyorgarlikning sabablari haqida jamoatchilikni xabardor qilmayapti.
Tahlilchi hukumatning harakatlarini tanqid qilib, shartnoma atrofidagi maxfiylik shubhalarni keltirib chiqarishiga ishora qildi. Uning eslashicha, pandemiya davrida rasmiylar allaqachon inqirozga dosh bera olmagan, bu esa minglab keraksiz o‘limga olib kelgan.
Avvalroq Buyuk Britaniyada noqonuniy muhojirlarning mehmonxonalarda joylashishiga qarshi norozilik to‘lqini bo‘lib o‘tgan edi. 26 iyul kuni yuzlab namoyishchilar milliy bayroqlar bilan Norvich, Lids va boshqa shaharlardagi mehmonxonalarga borib, ularning yopilishini talab qilishdi. Polisiya migrasiya muxoliflari va migrantlar huquqlari himoyachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning oldini oldi.