22 avgust kuni Avaza shahridagi uch tomonlama uchrashuv doirasida ikki davlat rasmiylari fuqaro aviasiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha protokol imzoladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasida kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Ayni paytda O‘zbekistondan Turkmanistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar mavjud emas. Bugun biz tegishli hujjatni imzoladik va yaqin vaqtlarda ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi», — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 avgust kuni Avaza shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuv natijalari bo‘yicha Ilhom Mahkamov va «Turkmanhavoyo‘llari» davlat xizmati rahbari Davron Saburov fuqaro aviasiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish haqidagi bayonnomani imzolagan.
Avvalroq, 2017 yil yozda Turkmaniston aviakompaniyasi Ashxobod—Toshkent—Ashxobod yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan edi. O‘shanda «Uzbekistan airways» va turkman tomoni xizmat ko‘rsatish va Toshkent xalqaro aeroportida bort taomlari bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzgan.
2021 yilda esa O‘zbekiston investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari Esanmurat O‘razgeldiyev ikki mamlakat transport vazirliklari aviaqatnovlarni qayta tiklash yuzasidan muzokaralar olib borishini kelishib olgan edi.