AQSh poytaxti meri Miriyel Bauzer mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan 1 sentyabr sanasini Vashingtonda "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi kuni" deb rasman e’lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bu qaror nafaqat yurtimiz mustaqilligi, balki mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston va AQSh aloqalarini hamda Amerika poytaxtidagi o‘zbek hamjamiyatga bo‘lgan yuksak e’tirofdan dalolat beradi.
Istiqlolimizning 34 yilligi bilan qabul qilingan deklarasiyada AQSh poytaxti meri O‘zbekistonda Mustaqillik kunining ahamiyati ta’kidlanib, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olganini ta’kidlagan.
Qo‘shma Shtatlar poytaxtida 1 sentyabrning "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi kuni" deb e’lon qilinishi shunchaki ramziy ma’no emas, bu ikki xalq o‘rtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan munosabatlarning yuksak belgisidir. So‘ngi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida shakllangan yaqin munosabatlar o‘zaro strategik sherikchilikning yorqin ifodasi bo‘lib, turli sohalardagi yanada kengroq hamkorlikka zamin yaratmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan buyon, o‘zining faol iqtisodiy yo‘lini belgilab olgani qayd etilgan. Bu yo‘nalishda jahon hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlab, tinchlik, birdamlik va o‘zaro hurmat prinsiplari asosida kuchli jamiyat qurishga erishdi.
Bundan tashqari, shahar meriyasi O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, shaxslararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish va ikki davlat o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlar poytaxti Vashington 1791 yilda tashkil etilgan va Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington nomi bilan atalgan. Vashingtonda federal hukumatning barcha uch bo‘limining asosiy idoralari, jumladan, AQSh prezidentining Oq uydagi qarorgohi, ko‘plab yodgorliklar va milliy ahamiyatga ega muzeylar joylashgan. Shaharda yuzlab elchixonalar, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Amerika davlatlari tashkiloti, Amerikalararo taraqqiyot banki va Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti shtab-kvartiralari joylashgan.