Afg‘oniston mudofaa vaziri Mo‘hammad Ya’qub Mujohid AQSH, Rossiya va Xitoyni mamlakatga nisbatan «yomon niyatlar»dan voz kechishga chaqirdi.
Afg‘oniston mudofaa vaziri Mo‘hammad Ya’qub Mujohid Amu.tv ma’lumotiga ko‘ra, AQSH, Rossiya va Xitoyga murojaat qilib, Afg‘onistonga nisbatan yomon niyatlardan voz kechishni so‘radi.
U bu so‘zlarni Afg‘oniston mustaqilligi kuniga bag‘ishlangan nutqida aytdi va hukumat barcha davlatlar bilan ijobiy hamkorlikka intilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «amirlik dunyo derjavalari yoki qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi to‘qnashuv maydoniga aylanishni xohlamaydi».
«Qo‘shnilarimiz, mintaqaviy kuchlar va butun dunyoga murojaatimiz shunday: agar kimda kim Afg‘onistonga nisbatan yomon niyatda bo‘lsa, bu niyatlardan voz kechsin. Afg‘oniston sizlarga nisbatan adovat saqlamaydi. Biz barcha bilan Islom shariati asosida yaxshi munosabatlar o‘rnatmoqchimiz», — dedi Ya’qub Mujohid.
U shuningdek, Rossiya hamda Xitoy Afg‘onistonni AQSh buyrug‘i bilan ularga qarshi ishlatish mumkinligiga ishonmasligini, va shuningdek, Vashington ham boshqa davlatlar Afg‘oniston orqali AQSh manfaatlariga tahdid sola olishiga ishonmasligini qayd etdi.
«Kelinglar, savdo qilaylik. Kelinglar, o‘zaro raqobat qilaylik — bu to‘qnashuv emas, balki to‘g‘onlar, yo‘llar, zavodlar qurish, investitsiya kiritish va energetika loyihalarini amalga oshirish orqali bo‘lsin», — deya qo‘shimcha qildi u.
Amu.tv yozishicha, bu bayonot Afg‘oniston hukumati DAYESh va boshqa ekstremistik harakatlarga qarshi yetarlicha qat’iy chora ko‘rmayotgani haqidagi tanqidlarga javob sifatida yangradi. Rossiya va Pokiston avvalroq Tolibon hukumatini bu guruhlarga qarshi keskinroq choralar ko‘rishga chaqirgan edi.
Ya’qub Mujohid nutqida ichki siyosatga ham to‘xtalib o‘tdi. U Tolibonning 2021 yilda hokimiyatga kelishini «mustaqillikning yangi shakli» deb atadi va fuqarolarni birlikka chaqirdi:
«Kimki xalq bilan hukumat o‘rtasida yoki xalqning o‘zi orasida fitna solishga urinib, ichida nizo chiqarsa, shunday kimsalar aniqlanishi kerak. Faqat shu orqali biz tashqi dushmanlar yoki mamlakat ichidagi aqlsiz unsurlardan o‘zimizni himoya qila olamiz», — deya xulosa qildi Afg‘oniston mudofaa vaziri.