O‘zgarishlar 1 sentyabrdan boshlab amalga kiritiladi.
Rossiya hukumati Max messenjerini elektron qurilmalarga majburiy tarzda oldindan o‘rnatilishi kerak bo‘lgan ilovalar ro‘yxatiga kiritadi. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi, ma’lumotni Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati tasdiqlagan.
Max messenjeri 2023 yildan beri ro‘yxatda bo‘lgan «VK Messenjer» o‘rnini egallaydi. Yangi tartib 1 sentyabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, shu sanadan boshlab iOS va HyperOS operasion tizimlarida ishlovchi qurilmalarga ham «milliy» ilovalar do‘koni — RuStore majburiy ravishda o‘rnatiladi. Ilgari RuStore faqat Android va HarmonyOS tizimlari uchun majburiy edi.
Rossiyada «milliy messenjer» yaratish haqidagi qonun iyun oyida qabul qilingan. Max platformasining birinchi versiyasi 2025 yil mart oyi oxirida VK kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.
Joriy yil iyun oyi oxirida Max messenjerining foydalanuvchilari soni 1 million kishi bo‘lgan. 19 avgustda esa bu raqam 18 millionga yetgani ma’lum qilindi.