Telekompaniya manbalarining ma’lum qilishicha, AQSh Milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard bir necha hafta oldin maxsus farmoyish chiqargan bo‘lib, unda razvedka organlariga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari haqidagi ma’lumotlarni Vashingtonning “Besh ko‘z” razvedka ittifoqidagi hamkorlariga uzatishni taqiqlagan. Mazkur ittifoqqa Qo‘shma Shtatlardan tashqari Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kiradi.
"20 iyul sanasi bilan belgilangan va Gabbard tomonidan imzolangan hujjatda barcha tahliliy ma’lumotlar va tinchlik muzokaralariga oid ma’lumotlar NOFORN (no foreign nationals — “xorijiy fuqarolarga taqiqlangan”) sifatida tasniflangan, ya’ni boshqa mamlakatlarga yoki xorijiy shaxslarga uzatilishi mumkin emas. Bundan faqat allaqachon oshkor etilgan ma’lumotlar mustasno", — deya ma’lum qildi manbalar.
Shu bilan birga, CBS News'ning qayd etishicha, hujjat boshqa kanallar orqali olingan diplomatik ma’lumotlarni yoki muzokaralarga aloqasi bo‘lmagan harbiy operativ ma’lumotlarni uzatishni taqiqlamaydi. Masalan, AQSh Ukraina harbiylariga ularning mudofaa operasiyalariga ko‘maklashish uchun uzatadigan ayrim ma’lumotlar bundan mustasno.