Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlari tomonidan mamlakatdagi bir qator banklarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni izohlab, hech qanday dalil yo‘qligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, qirg‘iz moliya muassasalari G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tishda ishtirok etmagan.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, 20 avgust kuni London "Markaziy Osiyo Kapital Banki"ga sanksiya joriy etdi va bu bank sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishi mumkinligini bahona qildi. AQSh esa yanvar oyida "Keremet Bank"ka nisbatan shunday chora ko‘rgan, ammo biror dalil keltira olmagan.
Prezident qayd etdi, bugungi kunda Qirg‘izistonda 21 ta bank faoliyat yuritmoqda. Risklarni kamaytirish maqsadida faqat davlatga tegishli "Keremet Bank" rubl bilan operasiyalar amalga oshiradi va barcha operasiyalar davlat nazorati ostida o‘tkaziladi.
Japarov Donald Tramp (AQSh prezidenti) va Kir Starmer (Buyuk Britaniya bosh vaziri)ga murojaat qilib, iqtisodiyotni siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston ko‘p vektorli siyosat yuritib kelmoqda va G‘arb davlatlari bilan hamkorlikda, ayniqsa, Britaniyaga yiliga qariyb 1 milliard dollarlik oltin eksport qiladi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz banklari asosan Rossiyada mehnat qilayotgan hamyurtarning pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatadi.
«Biz har doim xalqaro majburiyatlarga rioya qilib kelganmiz va kelgusida ham shunday bo‘ladi. Biroq men mamlakatimizning manfaatlari va fuqarolarimizning huquqlariga tajovuz qilinishiga yo‘l qo‘ymayman», — deya xulosa qildi Japarov.