Ohangaron tumanidagi taxminiy 2 tonna oltin zaxirasiga ega «Terekli» uchastkasi 81,79 mlrd so‘mga sotilgan.
19 avgust kuni E-auksion platformasida o‘tkazilgan savdolar qariyb 12 soat davom etdi. Jami 377 qadamdan so‘ng «Toyloq Toza Hudud» kompaniyasi g‘olib bo‘lib, 6,5 mln dollarga teng taklif bilan uchastkada geologik tadqiqot ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu summa boshlang‘ich narxdan deyarli 20 barobar yuqori.
«Terekli» uchastkasi Shaugaz qishlog‘idan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 65 gektarni tashkil etadi. Zaxiralari taxminan 2 tonna oltinga baholangan.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, «Toyloq Toza Hudud» 2021 yilda Samarqand viloyati Tayloq tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosan ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarish bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 67,88 mlrd so‘m bo‘lib, to‘liq Baxtiyor Marupovga tegishli. U shuningdek «Afrasiab Jeans Textile», «Puremilky Products», «Pet Agro Oil» va «Sam Plast Works» kabi bir qator kompaniyalarning ham asoschisi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 20 avgust kuni Navoiy viloyatidagi «Temirchi» uchastkasida 6 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Ushbu konni 67,8 mlrd so‘mga «Zauris» kompaniyasiga sotilgan.