AQSh vise-prezidenti Vens Yevropa yetakchilari va Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining ikki variantini taklif qilgan — “Strana”.
Nashr manbasiga ko‘ra, birinchi variant NATO nizomining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini ko‘zda tutadi. Bu modda bir davlatga hujum qilingan taqdirda barcha hamkor mamlakatlarning unga yordam ko‘rsatishini nazarda tutadi.
"AQSh vise-prezidentining mazkur taklifidan so‘ng yig‘ilishdagilarning kayfiyati tushib ketgan, chunki bunday sxema nafaqat qurol-yarog‘ yetkazib berishni, balki harbiy kuchlarni yuborishni ham o‘z ichiga oladi. Ammo NATO ittifoqchilari hozircha bunga tayyor emas", deya qayd etdi “Strana”.
Ikkinchi variant Ukraina Qurolli kuchlarini kuchaytirish maqsadida ularning sonini 350-400 ming kishiga oshirishdir. Manbaga ko‘ra, Vens AQSh Ukraina Qurolli kuchlarini moliyalashtirmasligini, biroq ular uchun qurol-yarog‘ni Yevropa mamlakatlari orqali sotishga tayyorligini ta’kidlagan. Nashr suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, bu variant ham yevropaliklarni katta xarajatlar istiqboli tufayli norozi qilgan.