BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil ma’muriyati ma’qullagan ishg‘ol ostidagi Falastin hududi – G‘arbiy Sohilda yahudiylar uchun 3400 dan ziyod uy barpo etish rejasini keskin qoralab bayonot berdi.
“Bosib olingan G‘arbiy Sohil, shuningdek, Sharqiy Quddusda yahudiy manzilgohlarini qurish xalqaro huquqqa hamda BMTning rezolyusiyalariga ziddir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi ikki davlat prinsipiga o‘ta xatarli tahdid tug‘diradi”, – deydi BMT bosh kotibi.
Isroilning yahudiy kelgindilari uchun Falastin yerlarida minglab turarjoy qurish rejasini o‘ta xavfli qadam deb baholagan BMT yetakchisi Tel-Aviv ma’muriyatini bu harakatdan voz kechishga chaqirgan.
Antoniu Guterrish yana bir karra Isroilga BMT rezolyusiyalari hamda xalqaro huquq talablariga rioya etish lozimligini eslatgan.
Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada kabi G‘arbning yetakchi davlatlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi – jami 22 davlat tashqi ishlar vaziri ham Isroilning “E1” deb atalayotgan ushbu loyihasini qoralab bayonot berdi.
G‘arb davlatlari ham Isroilning ushbu rejasini xalqaro huquqqa zid harakat deb baholagan va zudlik bilan undan voz kechishga undagan.
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan hafta Isroil moliya vaziri Besalel Smotrich G‘arbiy Sohilda yahudiylar uchun 3400 dan ziyod uy barpo etish rejasini ma’qulladi. E1 deb atalgan ushbu loyiha xalqaro hamjamiyat e’tirozi ortidan to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Maale-Adumim hududi va Quddus o‘rtasida yahudiy kelgindilari uchun uylar qurilishi G‘arbiy Sohilni xuddi pona kabi Sharqiy Quddusdan butunlay ajratib qo‘yadi.
Isroil moliya vaziri Besalel Smotrich G‘arbiy Sohilda minglab yahudiy uylari qurilishi bilan “Falastin davlati tuzish g‘oyasining janozasi o‘qilishi”ni ta’kidlagan.
“Euronews” xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatning keskin e’tirozlariga qaramay, Isroil ma’muriyati 20 avgust, chorshanba kuni ushbu bahsli loyihani uzil-kesil tasdiqladi.
Falastinliklarga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrich qurilayotgan har bir yahudiy uyi “Falastin davlati tobutiga qoqilgan mix” ekanini aytgan.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan. Netanyahuning o‘zi bir necha yildan buyon anneksiya rejasini ochiq muhokama qilib keladi.
BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupasiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMTning yuqori sud organi hisoblangan Xalqaro sud 2024 yil iyul oyida Isroil Falastin yerlaridan barcha isroilliklarni olib chiqishi va noqonuniy uylarni qurishni to‘xtatishi lozimligi haqida qaror chiqargan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil ma’muriyati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti joriy yil 23 iyul kuni G‘arbiy Sohilni o‘z hududiga qo‘shib olish haqida qaror qabul qilgandi. Bu qaror ham xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
Isroil hukumati G‘arbiy Sohilda minglab noqonuniy uylar qurishni boshlash bilan bir paytda G‘azo sektorini to‘liq bosib olish bo‘yicha keng ko‘lamli harbiy amaliyotga ham kirishdi.
Jahon yetakchilari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azo sektorini to‘liq bosib olish qarorini keskin qoralamoqda. Netanyahu ma’muriyatining bu qaroriga Isroil muxolifati ham qarshi chiqmoqda.