«Gideon II aravalari» operasiyasida Isroil G‘azo shahrini to‘liq ishg‘ol qilishni ko‘zlamoqda. 780 ming fuqaroning janubga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.
Isroil mudofaa vaziri Yisrael Kas G‘azo shahrini bosib olish bo‘yicha yangi harbiy operasiyani ma’qulladi. Kan telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, «Gideon aravalari II» deb nomlangan operasiya SAHAL tomonidan avval egallangan 75 foiz hududni to‘liq nazoratga olishni ko‘zlaydi. «G‘azo endi oldingiday bo‘lmaydi», — degan Kas.
Operasiyada 3–4 diviziya ishtirok etadi va qo‘shimcha ravishda 60 ming zaxiradagi askar chaqiriladi. Oldingi 70 ming zaxirachi bilan birga jami 130 minglik kuch safarbar etiladi. Hujum oldidan 780 ming aholi anklav janubiga ko‘chirilishi kerak bo‘ladi. Isroil bu aholi uchun humanitar infratuzilma, jumladan, chodirlar va panoh maskarlari tashkil qilishini bildirgan.
SAHALning baholashicha, G‘azo shahri ustidan to‘liq nazoratni ikki oy ichida qo‘lga kiritish mumkin. Shu paytda «HAMAS»ning 7 oktyabrdagi hujumida olib ketilgan 50 nafarga yaqin asirning kamida 20 nafari hali hayot ekani aytilmoqda.
Qatar va Misr orqali taklif qilingan 60 kunlik muvaffat otashkesim taklifini HAMAS qabul qilgan edi. Unga ko‘ra, 10 asir ozod qilinib, 18 nafarning jasadi qaytarilishi kerak edi. Evaziga Isroil 125 nafar umrbod qamalgan falastinlik, 1111 nafar g‘azolik va 180 nafar qurbon jasadini qaytarishi lozim edi.
Biroq Isroil bu kelishuvdan chekinganini e’lon qildi. «Isroilning siyosati o‘zgarmagan — biz 50 nafar asirning hammasini qaytarishni talab qilamiz», — degan The Jerusalem Post manbasi. Hukumatning asosiy maqsadi HAMASni qurolsizlantirish va G‘azoni harbiysizlashtirish.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu rahbarligidagi hukumat urushni tugatish uchun besh tamoyilni tasdiqlagan: asirlarni ozod qilish, HAMASni batamom yo‘q qilish, G‘azoni qurolsizlantirish, uning xavfsizligini nazorat qilish va hukumatini HAMAS va Falastin ma’muriyatisiz yangidan shakllantirish.