"Rossiya qo‘shinlari 20 avgustga o‘tar kechasi dronlar yordamida Axtirka shahriga keng miqyosli hujum uyushtirdi. Bu shafqatsiz zarbalar tinch aholiga qarshi qaratilgan edi", deyiladi Sumi viloyati polisiyasi bayonotida.
Xabar berilishicha, hujum oqibatida 12 kishi yaralangan, ular orasida ikki nafar bola ham bor. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar yo‘q. Shuningdek, 13 ta xususiy uy va bitta ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan. Dronlar urilgan joylarda yong‘inlar yuzaga kelgan.
Bundan tashqari, tunda Rossiya dronlari Odessa viloyatining Izmail tumaniga ham hujum qildi. Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, zarba oqibatida bir kishi jarohatlangan. Kiperning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida infratuzilma ob’ektlari va ishlab chiqarish binolari zarar ko‘rgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati xabariga ko‘ra, hujum oqibatida yoqilg‘i-energetika infratuzilmasiga tegishli ob’ektda yirik yong‘in yuzaga kelgan.