Adiyaman shahri Janubi-Sharqiy Onado‘li mintaqasida joylashgan bo‘lib, Kommageniya qirolligidan qolgan chuqur tarix va madaniy merosga ega. Shaharda Xettlar, Forslar, Rimliklar, Vizantiyaliklar va Usmoniylar kabi ko‘plab sivilizasiyalarning izlari bor.
Adiyamandagi Karakush tepaligi Kommageniya qiroli Antiox I ning o‘g‘li Mitridat II onasi Isias, singlisi Antioxiya va jiyani Aka uchun qurilgan muqaddas maqbara sifatida ajralib turadi. Tepalik sharqiy, g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy tomondan taxminan 9 metr balandlikdagi dor ustunlarining to‘rtta guruhi bilan o‘ralgan. Tepasida burgut tasvirlangan ustun boshqalaridan ko‘ra mustahkamroq bo‘lib, uni “Karakuş” (Qora qush) maqbarasi deb atashadi.
Jendere ko‘prigi
Jendere ko‘prigi Kahta daryosi ustida qurilgan bo‘lib, 120 metr uzunlik, 7 metr kenglikka ega va 92 ta yirik toshdan barpo etilgan ikki qismli ulkan me’moriy inshootdir. Ko‘prik Rim imperatori Septimius Severus tomonidan milodiy 193-211 yillarda qurilgani ma’lum. Ustunlardan biri Septimius Severus xotirasiga, qolganlari uning rafiqasi Yuliya Domna va uning o‘g‘illari Karakalla hamda Geta xotirasiga o‘rnatilgan. Getaga tegishli ustun uni o‘ldirgan va ukasiga tegishli hamma narsani yo‘q qilishga uringan imperator Karakalla tomonidan vayron qilingan.
Arsameya arxeologik maydoni
Arsameya arxeologik yodgorligi Kommageniya qirolligining yozgi ma’muriy markazi sifatida ham tanilgan. Arxeolog Fridrix Karl Do‘rner tomonidan olib borilgan qazishmalar natijasida bu joy marosim va ibodat joyi ekanligi aniqlandi.
Janub qismida Mitraning o‘yib ishlangan haykali, marosim maydonida Antiox va Geraklning qo‘l berib ko‘rishgani tasvirlangan stela, Antiox yozuvi, yerdan 158 metr pastga cho‘zilgan tunnel va maydonning g‘arbida xuddi shunday qoya tunnel joylashgan.
Nemrut tog‘i
Nemrut tog‘i dunyodagi eng baland ochiq osmon osti muzeylaridan biri bo‘lib, 1960 yilda turk fotografi Ara Guler tomonidan Germaniyaning Der Stern jurnali uchun olingan fotosuratlari bilan xalqaro maydonda shuhrat qozondi. Nemrut tog‘i 1987 yildan beri YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va 1988 yilda Milliy bog‘ deb e’lon qilingan. U Kommagene qirolligi davrida barcha din va madaniyatlarni bir tom ostida birlashtirish uchun qurilgan, deb taxmin qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shoh Antiox shu yerda vafot etgan va Nemrut tog‘idagi katta tepalik ostiga dafn etilgan. U yerda yunon tilida yozilgan 237 qatorli uzun kult yozuvi (Nomos) ham mavjud. Cho‘qqida sharqiy, g‘arbiy va shimoliy teraslar ham joylashgan. Nemrut tog‘i miloddan avvalgi 1-asrda Sharq va G‘arb sivilizasiyalarining uchrashadigan joyiga aylandi.
Aytishlaricha, g‘arbiy va sharqiy ayvonlarni bog‘laydigan 180 metr uzunlikdagi Shimoliy Ters marosim yo‘li bo‘lgan.
Kizilin ko‘prigi va qoya qabrlari
Kizilin ko‘prigi Rim davrida Kommageniya sivilizasiyasi tomonidan qurilgan bo‘lib, uzunligi 155 metr, kengligi 8 metr va yer sathidan 31 metr balandda joylashgan. U silliq toshdan qurilgan. Furot qirg‘og‘idagi Kizilin kanyoni 200 gektarlik maydonga cho‘zilgan bo‘lib, 300 ga yaqin g‘orlarga ega. Bu hudud tabiiy go‘zalligi va qadimiy madaniyati bilan tilllarda doston, bir vaqtning o‘zida ham madaniy, ham ekologik turizmni taqdim etadi.
Perre qadimiy shahri va qoya qabrlari
Kommageniya qirolligining yirik shaharlaridan biri bo‘lib, Rim davrida muhim karvonsaroy va dam olish maskani sifatida mashhur bo‘lgan. Bu hududda 200 dan ortiq qoya qabrlar bor. Ushbu qadimiy nekropol va uning atrofi Kommagen davrida muhim aholi punkti bo‘lgan hamda Rim davrida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan.
Gerger kanyoni
Furot daryosi va Otaturk to‘g‘oni suv ombori o‘rtasida joylashgan Gerger kanyoni dam olishni va tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazishni istaganlar uchun ayni muddaodir.
“Harfane kechalari” tashrif buyuruvchilarni jalb qilishga tayyor
Adiyamanda faqat o‘yin-kulgi, yegulik va ichimlikdan iborat bo‘lmagan “Harfane kechalari” tarixan goh turli kasb egalarini, gohida shahar elitasini bir joyga to‘plagan an’analardan biridir. Odatda uylarda o‘tkazilsa-da, ba’zan mavsumga qarab bog‘larda yoki mevali daraxtlar ostida, ya’ni ochiq havoda tashkil etilgan. Mazali mahalliy taomlarni o‘z ichiga olgan ushbu kechki ziyofatli marosimlar qo‘shiq-kuylar va suhbat tarzida o‘tkazilmoqda..