Shavkat Mirziyoyev Pokistondagi kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari munosabati bilan prezident Asif Ali Zardariy va bosh vazir Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘lladi.
"Davlat rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi", — deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabarida.
Pokiston va Pokiston nazoratidagi Kashmirda kuchli musson toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 307 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan, yana o‘nlab insonlar bedarak yo‘qolgan, deb yozdi BBC.
O‘lim holatlarining aksariyati Pokiston shimoli-g‘arbidagi tog‘li Xayber-Paxtunxva provinsiyasida qayd etilgan. Sinoptiklarning aytishicha, 21 avgustgacha tabiiy ofat zonalari deb e’lon qilingan shimoli-g‘arbda hali kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilmoqda.