Bu haqda Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (Africa CDC) xabar berdi.
"2025 yil boshidan buyon Afrika mamlakatlarida 205 mingta vabo kasalligini yuqtirish holati qayd etildi, o‘lim darajasi 2,1 foizga yetdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,9 foizni tashkil etgan", deyiladi tashkilot hisobotida.
Africa CDC vakili Ngashi Ngongoning aytishicha, bu o‘rtacha ko‘rsatkich, ammo mahalliy sharoit og‘ir bo‘lsa, o‘lim darajasi bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Vabo qurbonlarining asosiy o‘lim sababi organizmning suvsizlanishi bo‘lgan. Ko‘pincha bu kasallik toza ichimlik suvi topa olmaydigan kambag‘al va ijtimoiy himoyasiz qatlamlar orasida tarqaladi.
BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) ogohlantirishicha, g‘arbiy va markaziy Afrikada yomg‘irlar mavsumi boshlanishi bilan 80 mingdan ortiq bola vabo yuqtirish xavfi ostida qolgan. Kuchli yomg‘irlar sababli hojatxonalardan oqib chiqqan axlatlar quduqlar va daryolarga tushmoqda.