Eron Zangezur transport koridori loyihasiga qattiq qarshi chiqdi. Bu loyiha Ozarbayjonning Naxchivon Avtonom Respublikasini asosiy hududi bilan bog‘lashi va shu bilan birga Osiyo va Yevropani ulaydigan muhim transport yo‘lagiga aylanishi kerak.
Loyiha shartlariga ko‘ra, bu yo‘lakni AQSh 99 yilga ijaraga oladi va unga «Xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li — Tramp marshruti» nomi beriladi.
Eron oliy rahbari maslahatchisi Ali Akbar Velayati Tehronning pozisiyasini bayon etdi:
🔹 «Janubiy Kavkaz — hech kimniki bo‘lmagan yermi, Tramp uni ijaraga olsa? Bu hudud dunyodagi eng hassos geografik nuqtalardan biri. Bu yo‘lak Trampning mulki emas, balki uning yollanmalari uchun qabristonga aylanadi», — dedi Velayati.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya ham bu loyihani strategik jihatdan qo‘llamaydi, ammo Eron Moskva ishtirokisiz ham Janubiy Kavkaz xavfsizligini himoya qilishga tayyor.
Shu bilan birga, Velayati qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi tinchlik kelishuvlarini ijobiy baholadi.
🔹 Rossiya esa Boku, Yerevan va Vashington o‘rtasidagi kelishuvlarga munosabat bildirib, «ushbu sohada Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama kelishuvlar amal qilishda davom etmoqda, va hech qaysi tomon undan chiqmagan», deya ta’kidladi.