Joriy yil avgust oyi uchun pensiya va nafaqa to‘lovlari banklarga to‘liq o‘tkazib berildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy oy uchun O‘zbekistondagi jami 721 ming fuqaroga 721,3 milliard so‘m nafaqa pullari to‘langan. Shundan 602,2 ming kishi (82,8 foiz) nafaqasini naqd pulsiz shaklda, bank kartalariga qabul qilib olgan.
“Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy to‘lovlari Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib berilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabarida.
Shu bilan birga, avgust oyi uchun pensiya to‘lovlari ham naqdsiz shaklda oluvchilarga to‘liq to‘langani xabar qilingan
“Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,2 million nafar pensiya oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar tijorat banklariga moliyalashtirilib berildi”, deyiladi manbada.
Qayd etilishicha, pensionerlarning 3,6 million nafari (85 foiz) to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda qabul qilmoqda. Naqd pullar esa tasdiqlangan grafiklarga asosan yetkazib berilishi bildirilgan. Biroq umumiy to‘lov miqdori ochiqlanmagan.