O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat migrasiyasi ko‘lami va xorijdan qaytayotgan fuqarolar, shuningdek, tijorat va mehnat maqsadlarida kelayotgan chet elliklar soni ortib bormoqda.
2024 yilda qaytib kelgan 1,7 million fuqarodan atigi 434 ming nafari OIV/OITSga test topshirgan. Ularning 1 512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Tekshiruvdan o‘tkazilgan 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar orasida 81 kishida bunday kasalliklar aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, tekshiruvdan o‘tmagan migrantlarning qanchasida yuqumli kasalliklar borligi noma’lum. Shu jihatdan ushbu qonun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq vaqt chet elda bo‘lgan qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan yoki respublikada doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilangan.
O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi. Xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkaziladi. OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullandi.