Sloveniya Yevropa Ittifoqidagi Isroilga qurol importi, eksporti va tranzitini to‘liq taqiqlagan birinchi mamlakat bo‘ldi. Lyublyana bu qarorni G‘azo sektoridagi mojaroning davom etayotganligi va Yevropa Ittifoqida yagona nuqtai nazar yo‘qligi bilan izohladi.
«Biz ulardan hatto mix ham sotib olmaymiz. Bu embargo faqat omma uchun qilingan»- dedi Ynet bilan suhbatda Isroilning noma’lum vakili Sloveniya hukumatining bu qadamini sharhlab.
Shuningdek, yahudiy davlati Sloveniya bilan savdo aloqalarini olib bormasligini qo‘shimcha qildi.
2024 yil iyun oyida Sloveniya parlamenti mustaqil Falastin davlatini tan oldi. Joriy yilning iyul oyida esa Sloveniya Isroilning ikki o‘ng radikal vaziri - Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichning mamlakatga kirishini taqiqladi. Ular zo‘ravonlikni avj oldirish va falastinliklarning huquqlarini poymol qilishda ayblandilar.