So‘nggi oylarning eng muhokamada bo‘lib turgan mavzu – Sea Breeze loyihasi yuzasidan Hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Faollar tomonidan bildirilgan e’tirozlar inobatga olindi, kompaniya oldiga qator shart va majburiyatlar qo‘yildi.
Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan suv tushishi xavotir uyg‘otayotgan edi. Qo‘yilgan talablardan biri – Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana o‘ziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar to‘liq investor hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi to‘xtatilishi hamda investisiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.