Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi bo‘yicha hech qanday amaliy tayyorgarlik olib borilmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bunday uchrashuv bo‘yicha kelishilgan rasmiy aloqalar mavjud emas.
"Prezident Putin sentyabr boshlarida Xitoyga tashrifga tayyorlanmoqda. Agar shu vaqtda Tramp ham Xitoyga tashrif buyurishga qaror qilsa va ular bir shaharda bo‘lishsa, bunday uchrashuvni nazariy jihatdan inkor etib bo‘lmaydi", — dedi Peskov.
Joriy yilda Tramp va Putin bir necha marta telefon orqali gaplashishgan, ammo shaxsan uchrashmagan.
O‘tgan hafta oxirida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya va AQSh rahbarlarining Istanbulda uchrashuvini tashkil etish orqali Ukraina urushini tartibga solish masalasini muhokama qilish niyatida ekanini bildirgandi.