Gazeta tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, saylovchilarning 63 foizi demokratlarning faoliyatiga salbiy munosabatda, faqat 33 foizi esa ularga ijobiy baho bergan. Taqqoslash uchun, Respublikachilar partiyasiga nisbatan salbiy munosabat ijobiy bahodan atigi 11 foizga yuqori, Donald Trampga nisbatan esa bu farq 7 foizni tashkil qiladi.
Faqat 8% amerikaliklar Demokratik partiyani “juda ijobiy” deb baholagan, respublikachilar orasida bu ko‘rsatkich ikki baravardan ham yuqori — 19%.
"Tramp iqtisodiyot, inflyasiya, bojlar va tashqi siyosat kabi masalalarda tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, saylovchilar aynan shu yo‘nalishlar bo‘yicha demokratlarga emas, respublikachilarga ko‘proq ishonishmoqda", deya qayd etadi The Wall Street Journal.
Demokratlar hozirda faqat ikki yo‘nalishda — sog‘liqni saqlash va emlash masalalarida respublikachilardan ustunlikni saqlab qolgan. Shu fonda demokratlar yozgi tanaffus davrida saylovchilar bilan, jumladan, respublikachilar nazorat qilayotgan okruglarda ham, uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Nashrning eslatishicha, norozilik kayfiyatlari 2018 yilda Demokratik partiyaga Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qaytarib olishga yordam bergan. Hozir buni takrorlash uchun ularga atigi bir nechta o‘rinda g‘alaba qozonish kifoya — respublikachilar ayni paytda Kongressda 219 o‘ringa ega, demokratlar esa 212 ta o‘rinni egallagan, yana to‘rt o‘rin esa bo‘sh.