Misr va Qatar hukumati Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun vositachilik harakatlarini davom ettirmoqda.
Bu haqda "TASS" xabar bermoqda.
Ikki davlat bayonotida qayd etilishicha, Isroil va AQShning Dohadan o‘z delegasiyalarini maslahatlashuvlar uchun chaqirib olish qarori muzokaralarni qayta boshlashdan avval odatiy holdir.
"Qatar Davlati va Misr Arab Respublikasi G‘azo sektori bo‘yicha vositachilik jarayoni doirasida har ikki tomon ham urushga barham beruvchi bitim tuzish, Sektordagi gumanitar azob-uqubatlarga chek qo‘yish, tinch aholi himoyasini ta’minlash, shuningdek, garovga olinganlar va asirlarni almashish maqsadida faol sa’y-harakatlarni davom ettirayotganini tasdiqlaydi", — deyiladi hujjatda.