Spiegel.de nashriga ko‘ra, prezident Pizishkiyon Tehronni suv bilan ta’minlash holatini «jiddiy» deb atadi va vaziyat shu darajada og‘irki, poytaxtni ko‘chirish masalasi muqarrar bo‘lib qolishi mumkinligini aytdi.
Pizishkiyonning so‘zlariga ko‘ra, «Tehronda haqiqatan ham suv qolmagan». Shaharda ayni paytda 15 millionga yaqin odam yashaydi va suv tanqisligi allaqachon davlat muassasalari hamda sanoat korxonalari ishiga to‘sqinlik qilmoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, bu hafta Eronda yil boshidan buyon eng issiq kunlar kuzatilgan. Ayrim hududlarda harorat +50,3°C dan +52,8°C gacha ko‘tarilib, dunyodagi eng yuqori darajalardan biriga yetgan.
So‘nggi besh yil ichida Eronda yog‘ingarchilik keskin kamaygan. Bu esa suv tanqisligini yanada kuchaytirdi. Ko‘plab suv omborlari deyarli qurib qolgan, elektr stansiyalari esa uzilishlar bilan ishlamoqda. Mamlakatda elektr ta’minoti ham tez-tez buzilmoqda.
IRNA davlat axborot agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Erondagi eng yirik suv omborlaridan biri yaqin to‘rt hafta ichida butunlay qurib qolishi mumkin.
Ettita yirik to‘g‘onda suv sathi 10 foizdan ham pastga tushgan. Xurmozgan va Fors viloyatlarida esa ayrim to‘g‘onlarda suv umuman qolmagan.
Iqlimshunoslarning fikricha, Eron suv omborlarining qariyb 80 foizi hozirda deyarli bo‘m-bo‘sh. Kelgusi ikki oyda suv ta’minoti yaxshilanishi dargumon. Vaziyat faqat kuzda yomg‘irlar yog‘sa, biroz o‘zgarishi mumkin.
Suv tanqisligi kuchaygani sababli Eron hukumati barcha maktablar va davlat idoralarini kamida shanba kunigacha yopdi. Ko‘plab fabrikalar ham vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Bu esa ishlab chiqarishning kamayishiga va odamlarning ommaviy ishdan bo‘shatilish xavfiga olib kelmoqda.
Hukumat vakili Fotima Muhojironiy vaziyatni «tabiiy ofat» deb atadi.
Poytaxt Tehrondagi o‘n minglab odamlar suv yo‘qligi sababli shaharni tark etmoqda. Ular asosan shimoldagi viloyatlarga, xususan, suv ta’minoti hali barqaror bo‘lgan Kaspiy dengizi bo‘ylariga ko‘chib ketmoqda.
Shu bilan birga, hukumat va mahalliy rahbariyat tanqid ostida qolmoqda. Ko‘pchilik ularni iqlim o‘zgarishi va suv inqiroziga samarali javob bera olmaganlikda ayblamoqda.
Eronda poytaxtni ko‘chirish masalasi qachondan boshlangan?
Zamonaviy Eron tarixida poytaxtni rasmiy ravishda ko‘chirish holati hali sodir bo‘lmagan, ammo bu masala bir necha bor davlat darajasida muhokama qilingan. Ayniqsa, Tehronning haddan tashqari aholi zichligi, havo ifloslanishi, yer silkinishi xavfi, infratuzilma bosimi va hozirda yuzaga kelgan suv tanqisligi kabi muammolar sababli bu masala dolzarb tus olgan.
Tehron 1796 yilda Qojarlar sulolasi tomonidan poytaxt sifatida tanlangan va o‘shandan beri Eronning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lib kelmoqda. Biroq 2000 yillardan boshlab Eron rasmiy doiralarida poytaxtni Tehrondan ko‘chirish zarurati haqida jiddiy bahslar boshlangan.
2010 yilda Eron parlamenti Tehronni «milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi darajada» ortiqcha yuklama ostida deb baholab, poytaxtni ko‘chirish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratishni boshlagan. Ayrim rejalarda Tehron yaqinidagi shaharlar – masalan, Parand, Raboti Karim yoki Qum — yangi ma’muriy markaz sifatida tilga olingan. Shuningdek, ayrim davlat idoralarining Tehrondan boshqa shaharlar – ayniqsa, sanoat va energiya sohasidagi muassasalarni janubiy va markaziy viloyatlarga ko‘chirish amaliyoti boshlangani haqida ham ma’lumotlar mavjud.
2025 yilda esa bu mavzu yana dolzarb bo‘ldi. Prezident Mas’ud Pizishkiyon Tehronda yuzaga kelgan suv inqirozini «jiddiy xavf» deb atab, poytaxtni boshqa joyga ko‘chirish ehtimolini ochiq tilga oldi.
Ayni paytda Tehronda 15 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi, va bu hajmdagi shaharga suv, energiya va infratuzilma ta’minoti bilan xizmat ko‘rsatish tobora murakkablashmoqda. Islomiy respublika rahbariyati bu masalani faqatgina inqirozga javoban ko‘rib chiqayotganini aytmoqda, ammo bu bayonot zamonaviy Eron tarixida poytaxtni ko‘chirish masalasida eng keskin va ochiqcha chiqish hisoblanadi.