Prezidentning “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasida zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan boshlab G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari faoliyati to‘xtatiladi.
Mazkur o‘zgarish raqamlashtirish jarayonlari orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, har bir hududiy boshqarmada 1–3 nafar xodimdan iborat ixcham xizmat ofislari tashkil etiladi.
2026 yil 1 dekabrdan pensiya tizimi quyidagi avtomatlashtirilgan xizmatlarga o‘tadi:
fuqarolarning ish staji va ish haqi haqidagi elektron ma’lumotlarga asoslangan pensiya miqdorini dastlabki hisoblash imkonini beruvchi “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi;
barcha pensiya xizmatlari proaktiv, elektron va interaktiv formatlarga o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 oktyabrgacha pensiya to‘lovlaridan ushlab qolishlar amalga oshirilishidan avval fuqarolarni oldindan xabardor qilish tizimi joriy etiladi.